"Акс-Садо" (aks_sado) wrote,
"Акс-Садо"
aks_sado

Asrlar bag’rida kelgan shodiyona

Navro’zni bayram qilish O’rta Sharq va Osiyoda qadimda tarkib topgan an’anadir. U insonning juda qadimdan shakllana boshlagan ma’lum udum, urf-odatlari, kundalik turmush ehtiyojlari, atrof-muhit, tabiat omillari bilan munosabatlari zaminida vujudga kelgan. Asirlar o’tishi bilan bu urf-odatlar mamlakatlar, xalqlar o’rtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalar rivojlanishi zamirida keng yoyila borgan, mazmunan boyigan hamda ma’lum o’lkalar doirasida tarqalib mustahkam an’anaga aylangan.

            Yozma manbalarda Navro’zning qadimiyligiga ishora etuvchi talay rivoyatlar mavjud. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, Navro’z qadimgi eronliklarda Ahamoniylar davridan (miloddan avvalgi 558-330 yillar) boshlab odat tusiga kirgan. Navro’z haqida eng to’la ma’lumotlar va aniq ilmiy xulosalar sharq yozma manbalarida - buyuk olim Abu Rayhon Beruniy (973-1048 yillar) ning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Qonuni Mas’udiy” va “At-tafhim” asarlarida, Umar Xayyomning (1054-1131) “Navro’znoma ” risolasida yozib qoldirilgan.

            Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar ” asarida Navro’z haqida shunday yozadi: “Eron olimlarining ba’zisi: “U kunni Navro’z deb atashning sababi shuki, Jamshid (Firdavsiy (taxm. 934-1025) “Shohnoma”sida keltirilishicha, qadimgi Eron podsholaridan biri, u o’z saltanati davrida anchagina progressiv tadbirlar joriy etganmish; jumladan davlat tuzgan, odamlarni tabaqalarga ajratgan, kiyim kiyishga o’rgatgan, deyiladi - avt.) podshoh bo’lgach, majusiylar dinini yangiladi va bu ish qilingan kun, “Navro’z ”-“yangi kun” deb ataldi”.

            Beruniy yozishicha, ushbu mavzuga oid, Jamshid saltanati bilan bog’liq yana bir rivoyatda shunday deyilgan: “Jamshid o’ziga arava yasab olgach, o’sha kuni aravaga chiqib oldi, jinlar va shaytonlar uni havoga ko’tarib, bir kunda Dunbovanddan (Damivand tog’i) Bobilga olib bordilar. Odamlar bu ajoyib voqeani ko’rgach, o’sha kuni hayit qildilar va Jamshidning aravada uchishiga taqlid qilib arg’imchoqlarda uchdilar”. Bu rivoyat mashhur shoir Abdulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” dostonida ham nazm etilgan. Jamshid podsholik saltanatining ravnaqini ta’riflarkan, shoir quyidagi misralarni keltiradi:

                                               Ishlari gurillab, berganda meva,

                                               Yana ulug’likni ayladi sheva.

                                               Shukuhi Kayoniy bezagi gavhar.

                                               “Dev ko’tarib uchsin ”, deb bo’ldi farmon.

                                               Taxt ko’tarilganda past bo’ldi osmon.

                                               Taxt ko’kda charx urar misoli quyosh,

                                               Farmondor o’tirar unda irg’ab bosh.

                                               Barcha jam, odamlar qarar taxtiga,

                                               Jahon qoyil bo’lib shukuh baxtiga.

                                               Jamshidga sochishar oltinu gavhar,

                                               Shu kunni yangi yil - bayram deyishar.

                                               Yil boshi Hurmuzu edi farvardin

                                               Dilda na g’am qold, na adovat kin.

 

Biroq, eronliklarda bahor bayrami Jamshid podsholigidan ham ilgari nishonlanganligi ma’lum. Beruniy bu kun, garchi u Jamshiddan oldin ham hurmat qilingan bo’lsa-da, (Jamshid davridagina) hayitga aylantirildi, deydi. Firdavsiy o’z “Shohnoma”sida bahor kirishi kunida eronliklarning birinchi shohi Kayumars taxtga o’tirganini eslatib o’tadi:

 

                                               Hamal burjiga kirib qolganda oftob,

                                               Jahon yorib ketdi, nurlanardi ob…

                                               Kayumarsga jahon shohlik buyurdi,

                                               Ilk bor manzilini tog’ ichra qurdi.

 

Umar Xayyom ham “Navro’znoma” asarida Navro’z nishonlanishi haqidagi rivoyatlarni podshoh Jamshid davriga taqaydi va shoh Kayumars Hamal oyining birinchi kuni yil boshi hisoblansin, -deb farmon berganini ham eslatib o’tadi. Jumladan, shoh Jamshid haqida Umar Xayyom shunday deydi: “Jamshid shu kuni (farvardin oyining boshi) Navro’z atalsin, deb farmon berdi va odamlarga har yili farvardinning kirishini bayram qilishni, uni yangi yil deb hisoblashni buyurdi ”.

            Navro’z bobokalonlar shoirimiz Alisher Navoiy nazmidan ham o’rin olgan. Uning “Saddi Iskandariy” dostonida Navro’zning bayram qilinishi ta’kidlangan:

                                   Ki bu sur erur olam afruz ham,

                                   Xususan erur fasli Navro’z ham.

 

Umuman olganda rivoyatlardan ikki xil hulosa kelib chiqadi: birinchisi - Navro’z bilan bog’liq rivoyatlarning ko’pi podshoh Jamshidga mansub voqealardan iborat; ikkinchisi - bu rivoyatlardan Navro’zni belgilashda astronomik prinsipga amal qilingan.

Navro’z bayrami necha kun davom etgan? Bu haqda Beruniy “Qonuni Mas’udiy” va “At-tafxim ” nomli kitoblarida eronliklar yilidagi birinchi oy-Farvardinning dastlabgi kuni Hurmuz atalganini va u Podshoh Navro’zi, yani yangi yil ekanligini hamda shu oyning oltinchi kuni - Xurdodni katta Navro’z deb nishonlaganini qayt etadi. “Eronliklar e’tiqodicha, - deb yozadi Beruniy “qonuni Masudiy” asarida, -Jamshid g’ildirakli aravaga minib, shaytonlar bilan jang qilish uchun janub tomonga borgan… (va u yoqdan ) zafar topib katta Navro’zda qaytgan…”

Demak, qadimda Navro’z bir hafta, aniqrog’i olti kun bayram qilingan. Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida bir haftalik Navro’z bayrami yanada mufassal ta’riflangan: “Podshoh (birinchi  kun) Navro’z bayramini ochib, odamlarga o’zining xalqni qabul qilish va ulardan ehson qilish maqsadida taxtga o’tirganini bildiradi; ikkinchi kuni martabasi juda yuqori kishilar - xonadon ahllarini qabul qilish uchun o’tiradi; uchinchi kuni otliq sipohlari va ulug’ donishmandlari uchun o’tiradi; to’rtinchi kuni esa o’z uyidagilar, o’z o’g’illari va qaramig’idagi kishilarni (qabul qilish) uchun o’tiradi”. Demak izoh tariqasida shuni aytish mumkinki, podshohlar Navro’z tantaasini o’zlari uchun qay tarzda tashkil qilishlaridan qat’iy nazar, xalq uni bir necha kun bayram qilgan.

Omonulla Bo'riyev.  

Tags: Маданият ва санъат, Тарихга саёхат
Subscribe
  • Post a new comment

    Error

    default userpic
    When you submit the form an invisible reCAPTCHA check will be performed.
    You must follow the Privacy Policy and Google Terms of use.
  • 0 comments