June 12th, 2006

logo

BUNDA BARChA G‘OLIB

Termiz shahridagi 16-maktabda 4 kun mobaynida tasviriy san’at, chizmachilik, mehnat, musiqa madaniyati fanlari o‘qituvchilarining respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan kelgan ijodkor muallimlar g‘oliblik shohsupasini egallash uchun qizg‘in kurash olib bordilar
Ishtirokchilarning tashkiliy qo‘mitaga taqdim etgan hujjatlari mazmuniga qo‘yilgan baholar e’lon qilingach, qur’a tashlash yo‘li bilan kimning qaysi sinfda, qanday mavzuda muammoli dars o‘tishi aniqlandi. An’anaviy mashg‘ulotlarni olib borishda esa ustozlarga erkinlik berildi. Ikki soat dars o‘tganlaridan so‘ng test topshiriqlarini bajarishdi. Qatnashchilarning kompyuter savodxonligi ham nazoratdan o‘tkazildi.
Ushbu sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘qituvchilar o‘quvchilar saroyining zalida sahna ko‘rinishlari orqali o‘zlari yaratgan kontseptsiyani himoya etishdi. Har birining o‘ziga xos, o‘ziga mos chiqishlaridan ko‘plab yangiliklar, ixtirolar ko‘rdik. Ekranda ko‘rsatilgan murakkab pedagogik-psixologik vaziyatlardan chiqish oson bo‘lmadi. Hakamlar hay’ati barcha chiqishlarni baholab bo‘lishgach, yakuniy natijaga ko‘ra, quyidagi o‘qituvchilar g‘olib deb topildi. Tasviriy san’at, chizmachilik, mehnat fanidan Toshkent shahar Mirobod tumanidagi 218-maktabning tasviriy san’at va chizmachilik fani o‘qituvchisi Jahongir Ro‘ziev, musiqa madaniyati yo‘nalishi bo‘yicha esa Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanidagi 14-maktabning musiqa madaniyati fani muallimi To‘lqin Eshto‘raev birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rinlar esa Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi 1-maktabning chizmachilik fani o‘qituvchisi Mavluda Mattieva hamda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidagi 27-maktabning musiqa fani o‘qituvchisi O‘ktam Ahadovga nasib etdi.
Faxrli uchinchi o‘rinni Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi 1-maktabning mehnat ta’limi muallimasi Maqsad Ismatova va Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi 40-maktab musiqa madaniyati fani muallimasi Nilufar Rahmatullaeva egallashdi.
Barcha qatnashchilarga Xalq ta’limi vazirligining diplomlari, qimmatbaho sovg‘alari hamda Surxondaryo viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi viloyat kengashi va «Ma’naviyat gulshani» gazetasi tahririyatining esdalik sovg‘alari berildi.

Norquvvat TO‘RAYEV,
«Ma’rifat»ning maxsus muxbiri.

Manba: "Ma'rifat" gazetasi
(http://www.marifat.uz/yangiliklar/bunda_barcha_golib.mgr)